Fizika-matematika fakulteti
Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon davlat universiteti tarkibida 2025-yil tuzilma o‘zgarishlariga muvofiq, ilgari alohida faoliyat yuritgan Matematika va mexanika, Fizik va texnika, IT injeneringi fakultetlari birlashtirilib, ularning negizida Fizika-matematika va IT fakulteti tashkil etildi. Ushbu tuzilma islohoti ta’lim jarayonini integratsiyalash, fanlararo aloqalarni kuchaytirish va zamonaviy raqamli iqtisodiyot ehtiyojlariga mos mutaxassislar tayyorlash maqsadida amalga oshirildi. Dastlab fakultetlar XX asrning ikkinchi yarmidan Andijon pedagogika institutining asosiy bo‘limlaridan biri sifatida tashkil etilib, viloyat ta’lim muassasalari uchun yuqori malakali matematika o‘qituvchilarini tayyorlashga yo‘naltirilgan. Fizika-matematika fakulteti esa, eng birinchi ochilgan fakultetlardan biri hisoblanadi. U 1953-yili Tabiiy fanlar fakulteti negizida tashkil topgan bo‘lib, 1974-yilga qadar R.Bobojonov, M.Azizov, M.G‘ofurovlar boshqargan. 1974-yilda 2 ta: matematika va fizika fakultetlariga ajratildi. Fizika fakultetining dekani lavozimiga fizika-matematika fanlar nomzodi N.So‘fixo‘jayev, matematika fakultetiga esa dotsent A.Tolipovlar faoliyat ko‘rsatdi. Ushbu fakultetlar qo‘shilib, qaytadan fizika-matematika fakulteti tashkil qilinguncha alohida fakultetlarga dotsentlar: U.Qosimov, E.Musayev, D.Mamatisaqov, A.Ortiqov, T.Abdullayev, V.Mullajonov, R.Aliyevlar, shuningdek, 2005, 2007-2015, 2015-2020, 2021-2024 yillarda, V. Miladjonov, A. Hakimov, M.Mahkamov, X.Mansurovlar rahbarlik qilgan. O‘tgan yillar davomida yuzlab malakali mutaxassislar yetishib chiqqan bo‘lib, ular respublikamizning turli hududlarida ta’lim tizimi rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqdalar. So‘nggi yillarida fakultet faoliyati yanada kengayib, o‘quv jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalar, raqamli ta’lim vositalari, innovatsion dasturlar joriy etildi. Hozirda fakultet tarkibida 6 kafedra, fizika, mexanika va matematik modellashtirish, matematika, amaliy matematika, kompyuter injeneringi, axborot tizimlari va texnologiyalari, axborot xavfsizligi, dasturiy injiniring, sun’iy intelekt, texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari yo‘nalishlari mavjud. Fakultetda jami 130 nafardan ortiq professor-o‘qituvchilar faoliyat olib boradi. Ulardan 8 nafari fan doktori, 43 nafari fan nomzodi yoki falsafa doktori ilmiy darajasiga ega hisoblanib, ilmiy izlanishlar olib borish, o‘quv-uslubiy adabiyotlar yaratish va iqtidorli talabalarni olimpiadalarga tayyorlash bilan shug‘ullanadilar. O‘quv jarayonlari zamonaviy laboratoriyalar, kompyuter sinflari, elektron ta’lim platformalari va axborot resurslari asosida tashkil etilgan.
DekanBoboyev Akramjon Yo'ldashboyevich





